Jessica Hawkins: Ayol haydovchilar Formula 1 start chizig‘ida
Aston Martin jamoasining haydovchi elchisi va sobiq W Series poygachisi Jessica Hawkins uchun bu endi orzu emas, aniq maqsadga aylangan: u ayol haydovchi Formula 1 start panjarasiga “bir necha yil ichida” chiqishiga ishonyapti. Uningcha, bu jarayonni hozir aynan F1 Academy tezlashtiryapti.
31 yoshli britaniyalik 2023 yilda Vengriyada Aston Martin AMR21 bolidini haydab, zamonaviy Formula 1 mashinasini sinovdan o‘tkazgan so‘nggi besh yil ichidagi ilk ayol bo‘lgandi. U o‘sha tajriba, tanasiga tushgan yuk va ayollar haqidagi stereotiplar haqida Road to Success podkastida gapirib berdi.
Savol aniq bo‘ldi: “Siz umriniz davomida ayol haydovchini Formula 1 poygasida ko‘rasizmi?” Javob esa ikkilanmasdan keldi.
“Menimcha, biz bundan bir necha yil naridamiz. Lekin bu sodir bo‘lishiga ishonaman,” deydi Hawkins. “Agar bu bo‘lmaydi desam, o‘zimni aldagan bo‘lardim. Men bunga ishonaman. Yo‘q deya olmayman, bu men turib bergan hamma narsaga zid bo‘lardi.”
“Bu biologiya emas, tayyorgarlik masalasi”
Formula 1 atrofida yillar davomida takrorlanib kelayotgan gap bor: “Jismoniy jihatdan ayollar bu darajaga dosh bera olmaydi”. Hawkins bu fikrni keskin rad etadi.
U o‘zining F1 sinov kunini eslaydi. Yarim poyga masofasiga teng masofani bosib o‘tgach, bo‘yin mushaklari chidamay qolgan. Ammo u bunga jinsini emas, tayyorgarlik darajasini sabab qilib ko‘rsatadi.
“Men ayollar Formula 1 uchun yetarlicha kuchli ekaniga mutlaqo ishonaman,” deydi u. “O‘zim yarim poyga masofasini bosib o‘tganimdan keyin, to‘liq poygani ham uddalay olgan bo‘lardim, deb o‘ylayman. Bo‘ynim qiynaldi. Haqiqatan ham juda qiynaldi. Lekin, menimcha, Formula 1 mashinasiga birinchi marta o‘tirgan har bir odamda bo‘yin shunday qiynaladi. Bu mening ayol ekanim uchun emas edi.”
Hawkins o‘sha paytda Formula 2 yoki Formula 3 kabi kuchli bir o‘rinli seriyalarida muntazam poyga qilmaganini eslatadi. Shuning uchun organizm F1 yuklamasiga odatlanmagan bo‘lgan.
“Men sinov oldidan Formula 2 chempionatida poyga qilib yurgan emasdim. Yoki undan oldin Formula 3 da qatnashmaganman. Hatto Formula 1 haydovchilari ham bir yil tanaffusdan keyin birinchi kunni tugatgach, bo‘ynida og‘riq sezishi mumkin. Bu mening ayol ekanim sabab emas edi. Agar bo‘ynim biroz ko‘proq tayyor bo‘lganida, to‘liq poyga masofasini ham bajarardim.”
F1 Academy: ilgari bo‘lmagan eshiklar ochilmoqda
Hawkinsning nazarida, bugungi avlod omadi chopgan. Chunki ularning qo‘lida ilgari umuman bo‘lmagan platforma – F1 Academy bor.
“Endi vaziyat boshqacha. F1 Academy’ga qarang, hayratlanarli. Mening yoshimda bunday narsani faqat tushimda ko‘rgan bo‘lardim,” deydi u. “Hozirgi qizlarning ayrimlari hatto bir necha yil oldin qanday bo‘lganini ham tasavvur qila olmaydi, deb o‘ylayman.”
Bu yangi chempionat nafaqat trekda ko‘proq vaqt, balki juda erta bosqichdanoq katta sahnaga chiqish imkonini ham beradi. Ilgari ayol haydovchilar ko‘pincha orqa fonda qolib ketar, ko‘rinish va homiylikka erishish uchun yillar sarflardi.
Hawkins bu seriyaning ta’sirini aniq tasvirlaydi:
“Bu chempionat haqiqatan ham ayrim haydovchilarning karerasini yaratib berish qudratiga ega. Kimdir kiradi va cho‘kadi. Kimdir kiradi va suzib chiqadi. Mana shu suzib chiqqanlar – Formula 1 o‘rinlari uchun kurashishga va motorsport ichida imkoniyatlar talab qilishga yetarlicha kuchli bo‘lganlar.”
Doriane Pin, PREMA Racing, Maya Weug, MP Motorsport kabi ismlar podiumlarda ko‘rina boshladi. Bu faqat natija emas, balki signaldir: yo‘l ochilmoqda, raqobat kuchaymoqda, saralash tabiiy ravishda kuchayib boryapti.
Endi savol bitta: bu yangi to‘lqindan qaysi ism birinchi bo‘lib Formula 1 start chizig‘iga chiqadi – va bu “bir necha yil” qanchalik tez keladi?






