Liverpool yozgi inqilobi: Adam Wharton asosiy maqsad
Liverpoolda yozgi qayta qurilish shunchaki “yangilanish” emas, butunlay boshqa davrning boshlanishiga o‘xshayapti. Murabbiylar shtabida Arne Slot o‘rnini Andoni Iraola egalladi, maydonda esa bir davrni belgilagan uch ustun – Mohamed Salah, Ibrahima Konate va Andy Robertson – klubni erkin agent sifatida tark etdi. Kadrlar zaxirasi allaqachon yupqa edi, endi esa Anfielddagi rahbariyatga bitta yo‘l qoldi: agressiv transferlar oynasi.
Bu yo‘lning boshida bitta nishon turibdi. Football Transfers xabariga ko‘ra, Liverpool yozgi bozor uchun asosiy maqsad sifatida Crystal Palace yulduzi Adam Whartonni tanlagan.
FSG yo‘lidan qaytdi va Whartonga “all-in” qildi
22 yoshli Wharton Selhurst Parkdagi so‘nggi mavsumida o‘zini “superyulduz” sifatida ko‘rsatdi. U Crystal Palace’ning Conference League g‘alabasida markaziy figura bo‘ldi, o‘yin ritmini boshqardi, bosim ostida to‘pni saqlab qoldi va murabbiylar uchun orzu bo‘ladigan tipdagi markaziy yarim himoyachiga aylandi.
Shu bois yoz bo‘yi uning nomi transfer xabarlaridan tushmayapti. Liverpool ham eng faol kuzatuvchilar qatorida, ammo hali rasmiy taklif yo‘q. Sabab oddiy: Crystal Palace taxminan 100 million funt atrofida narx qo‘ygan. Bozorni izdan chiqargan misol esa ko‘z o‘ngida – Elliot Andersonning Nottingham Forestdan Man Cityga 116 million funt evaziga o‘tishi.
Shu raqamlar Fenway Sports Group (FSG)ni bir muddat to‘xtatib qo‘ydi. Liverpool ichida alternativ variant sifatida Wolves yarim himoyachisi Joao Gomes ko‘rib chiqildi. Taxminan 35 million funtga tushishi mumkin bo‘lgan, Anfieldga ko‘chishga tayyor bo‘lgan braziliyalik – moliyaviy jihatdan ancha “sog‘lom” variant edi.
Lekin bu yo‘l yopildi. Gomes Aston Villa bilan kelishib oldi. Liverpool esa ichki muzokaralardan so‘ng bu transferdan butunlay voz kechdi va barcha e’tiborini Whartonga qaratishga qaror qildi. Endi strategiya aniq: arzon alternativ emas, bitta, lekin eng to‘g‘ri deb hisoblangan nishon.
Narx hanuz to‘siq. Biroq Iraola Whartonning ashaddiy muxlisi, klub esa so‘nggi yillarda o‘zining eng istagan futbolchisi uchun chekni ayamasligini ko‘rsatib bo‘ldi: o‘tgan yilning o‘zida Florian Wirtz va Alexander Isak uchun Britaniya transfer rekordi ikki marta yangilangandi.
Iraola falsafasiga mos “oltin bo‘g‘in”
Andoni Iraola jamoalari bir narsasi bilan tanilgan: to‘p bilan xotirjam, o‘tishda shafqatsiz. Pressing, tezkor o‘tish, aqlli pozitsion o‘yin – bularning barchasi markazdagi to‘g‘ri profilga bog‘liq. Wharton aynan shunday futbolchi.
U tabiiy “oltinchi raqam” sifatida o‘ynay oladi. Bu esa Ryan Gravenberch va Alexis Mac Allister uchun eshikni ochadi: ular o‘zini erkinroq his qiladigan, hujumga yaqinroq zonalarga ko‘proq chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Wharton orqa chiziq bilan bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib, pressingni boshlaydi, to‘pni qaytaradi, birinchi pasni sifatli beradi.
Bu darajadagi futbolchi arzon bo‘lmaydi. Bunday bitim byudjetni larzaga keltirishi aniq. Lekin eng yaxshi o‘yinchilar hech qachon arzon bo‘lmagan. Liverpool hozir “komfort zonasi”ni emas, darajasini saqlab qolish va qayta ko‘tarilish masalasini hal qilmoqda.
Muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyingi majburiy xatar
O‘tgan mavsum Liverpool uchun og‘riqli bo‘ldi. Natijalar, o‘yin sifati, chuqurlik yetishmasligi – barchasi birlashib, klubni odatdagidek yuqori marralardan pastga tortdi. Salah, Konate va Robertson ketganidan keyin bu kamchiliklar yanada ochiq ko‘rinadi.
Shu fon’da Wharton transferi shunchaki “yoqimli qo‘shimcha” emas. Bu – signal. Ambitsiya signali. Agar klub uni yozgi bozor bosh nishoni sifatida e’lon qilib, oxir-oqibat bitimni yopolmasa, bu nafaqat sport nuqtayi nazaridan, balki imij va kiyinish xonasidagi kayfiyat uchun ham zarba bo‘ladi.
Liverpool allaqachon yo‘lni tanlab bo‘ldi: ular Adam Wharton uchun bor kuchi bilan kurashadi. Savol endi bitta: Anfield bu yozni yangi davr boshlanishi sifatida eslaydimi yoki yana bir qo‘ldan boy berilgan imkoniyat sifatida?






