Manchester United ayollar jamoasi: transfer strategiyasi va raqobatdagi o‘rnini qayta ko‘rib chiqish zarurati
O‘tgan mavsumda Champions League chorak finaligacha yetib borib, unda munosib raqobat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, baribir Yevropa yo‘llanmasiz qolgan Manchester United ayollar jamoasining holati bitta jumlada jamlanadi: eng yuqori sahnaga eshik ochilgan, lekin u yerda qolib ketishga kuchi yetmayotgan jamoa.
Bu, aslida, mutlaqo kutilmagan manzara emas. Ayollar jamoasi atigi sakkiz yil oldin qayta tuzilgan klub uchun Manchester City, Arsenal va Chelsea bilan oradagi ulkan tafovutni yopish oson bo‘lishi mumkin emasdi. United bu vaqt ichida muhim qadamlar tashladi: Champions League yo‘llanmasi, uchta kubok finali, FA Cupdagi yirik sovrin – bularning bari tarixga yozildi. Ammo baribir, uzoq yillardan beri yuqori darajada shakllangan raqiblar bilan taqqoslaganda, asoslar, infratuzilma, chuqurlik – hamon yetarli emas.
Chuqurlik yetishmayotgan jamoa
Bu yozda maydonda ham, maydondan tashqarida ham katta sakrashlar qilish zarur edi. Ayniqsa, raqiblar ham xuddi shunday yo‘l tutayotgan bir paytda. Hozircha esa United bu poygada orqada qolmoqda.
Eng og‘riqli nuqta – tarkib chuqurligi. Ayniqsa o‘tgan mavsumda, Champions League bilan birga to‘rt frontda kurashishga to‘g‘ri kelganida, bu kamchilik juda yaqqol ko‘rindi. O‘tgan yozda bu muammo yetarlicha hal qilinmadi, bu yozda esa uni kechiktirishga umuman haqqi yo‘q.
Shuni aytish kerakki, klub yomon skautlik qilmaydi. O‘tgan yozgi oynaga nazar tashlasak, Julia Zigiotti Olme va Jess Park singari futbolchilar aniq “urilgan” transferlar bo‘ldi. Muammo shundaki, ular atigi uch nafar yangi futbolchi tarkibiga kirgan guruhning bir qismi edi. Marc Skinner qo‘l ostidagi jamoa to‘rt turnirda kurashishga hozirlanar ekan, bu son boshidan yetarli emas edi – va shunday bo‘lib chiqdi ham, qishda qilingan bir nechta qo‘shimchalarga qaramay.
Yozgi oynaning hozirgi manzarasi esa United uchun unchalik xushxabar emas, raqiblar esa ishni allaqachon boshlab yuborgan.
Raqiblar tezlashdi, United sekinlashdi
Manchester City o‘zini bozorga “juda band bo‘lmaymiz”, degan kayfiyatda olib kirdi. WSL va FA Cupni yutgan jamoa uchun bu mantiqli gap edi. Shunga qaramay, ular Beth Meadni olib keldi – katta tajribaga ega, yirik sovrinlar ko‘rgan hujumchi. Keyin Niamh Charles, chap qanot himoyasidagi bo‘shliqni to‘ldiradigan yana bir Angliya terma jamoasi futbolchisi. Eng muhimi, WSL Golden Boot sohibi Khadija Shawni Chelsea qiziqishidan saqlab qolishdi va yangi shartnoma bilan bog‘lab qo‘yishdi.
Arsenal esa WSLdagi yetti yillik chempionlik tanaffusini tugatishga qat’iy bel bog‘laganini ochiq ko‘rsatmoqda. Klub ikki hafta ichida Georgia Stanway, Ona Batlle, Selina Cerci, Geraldine Reuteler va Lisa Baum transferlarini e’lon qildi. Bularning ustiga Barcelona erkin agenti Salma Paralluelo bo‘yicha qiziqish ham davom etmoqda. Bunday agressiv transfer siyosati jamoani WSL tepasiga ko‘tarishi mumkin bo‘lgan turdagi harakat.
Chelsea uchun ham oyning o‘zi silliq ketayotgani yo‘q. Shaw, so‘ng Paralluelo, keyin Felicia Schroder bilan hujumchi qidiruvi chigallashdi. Lekin baribir sifatli ish qilindi: Katie McCabe kelishi, NWSLning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan, atigi 21 yoshli Matsukubo transferi. Vrouwen Voetbal Nieuws xabariga ko‘ra, endi Paris Saint-Germain hujumchisi Romee Leuchter ham yo‘lda va bu ularning markaziy forvard qidiruviga nuqta qo‘yishi mumkin.
United-chi? Ayni paytga qadar eshikdan kirgan yagona futbolchi – 22 yoshli, markaziy himoyachi ham, chap qanot himoyachisi ham bo‘la oladigan Andrea Medina. Yaxshi transfer. Tarkib chuqurligini to‘ldiradi. Lekin hozircha faqat shu.
Transfer nishonlari haqida mish-mishlar ham deyarli yo‘q. Aksincha, asosiy xabarlar ketayotganlar haqida. Seshanba kuni ko‘plab manbalar Melvine Malard Chelsea bilan kelishuvga yaqinlashganini yozdi. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, klub o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi to‘purar Elisabeth Terlandni ham sotishga tayyor – agar kerakli narxdagi taklif tushsa. Sabab oddiy: kelasi yozda Norvegiya hujumchisini erkin agent sifatida yo‘qotib qo‘yish xavfi o‘rniga, hozirdan mablag‘ olib, uni qayta investitsiya qilish.
Terland noyabr oyida yangi shartnomani rad etgan edi. U – kelasi yilda shartnomasi tugaydigan yagona futbolchi emas. Ella Toone ham shu ro‘yxatda. O‘tgan oy kelajagi haqida so‘ralganda, Angliya yarim himoyachisi aniq javob bermadi.
“Endi gaplashadigan payt keldi, – dedi u. – Men uchun eng yaxshisi nima bo‘lishini hal qilishim kerakligini bilaman, xolos.”
Orqadan kelayotgan to‘lqin
United faqat City, Arsenal va Chelsea bilan masofani qisqartirish haqida o‘ylab qolmasligi kerak. Orqaga ham qarashga to‘g‘ri keladi. Chunki o‘rta pog‘onadagi klublar ham keskin kuchaymoqda.
London City Lionesses – eng yaqqol tahdid. Klub egasi – milliarder Michele Kang, u Trinity Rodman o‘ynaydigan Washington Spirit va sakkiz karra Yevropa chempioni Lyon egasi ham. London jamoasi bu yozda Putellasni Angliyaga olib kelib, bozorning eng shov-shuvli transferini amalga oshirdi. To‘rt karra Champions League g‘olibi Mapi Leon, sobiq Lionesses yulduzi Mary Earps va Germaniya hujumchisi Nicole Anyomi ham shu yerda.
Bular bilan ham ish bitmaydi. Tottenham – o‘tgan mavsumda Uniteddan atigi bitta o‘rin va to‘rt ochkoga ortda qolgan, uy va safarda ular bilan durang o‘ynagan jamoa – yozni juda faol boshladi. Allaqachon besh yangi futbolchi kelgan. Ular orasida West Ham safida 32 liga uchrashuvida 16 gol urgan Shekiera Martinez, WSLda faqat Shaw va Russo ortida qolib, uchinchi eng yaxshi to‘purar bo‘lgan Kirsty Hanson, shuningdek, Arsenal va PSG takliflariga qaramay Spursni tanlagani aytilayotgan darvozabon Selma Panengstuen bor.
Brighton ham United uchun oson raqib bo‘lmagandi va may oyidagi FA Cup finaligacha yetib borgani bejiz emas. Endi ular ham tarkibni kuchaytirmoqda – sobiq Arsenal yarim himoyachisi Lia Walti kelishi, bu bozorning eng sifatli bitimlaridan biri sifatida baholanmoqda.
“O‘z yo‘limizni topishimiz kerak” degan klub
Endi savol bitta: United qanday javob qaytaradi?
O‘tgan yozda ayollar futbolidagi transfer bozori moliyaviy jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgan paytda, bosh murabbiy Marc Skinner klub Olivia Smithni Arsenalga, Grace Geyoroni London Cityga olib borgan yetti xonali summalar bilan raqobat qila olmasligini tan olgandi.
“Reallik shuki, biz buni o‘z yo‘lim bilan qilishga harakat qilishimiz kerak”, – degandi u. Shunga qaramay, o‘sha oynada ham ma’lum darajada yaxshi ish qilindi. Lekin to‘rt frontda raqobat qila oladigan tarkib yig‘ish uchun bu yetmadi.
Bu safar to‘rt front bo‘lmaydi. Champions League yo‘q, va United bu holatdan foyda chiqarishi kerak – xuddi City bu mavsumda shunday qilganidek, yakunda o‘n yillik tanaffusdan so‘ng yana WSL chempionligini qo‘lga kiritdi. Yanvarda kelgan futbolchilardan ham ko‘proq narsa kutilyapti: ular endi moslashish uchun olti oy vaqt o‘tkazdi. Ayniqsa, Bayern Munichdan ajoyib gol statistikasi bilan kelgan, lekin dastlabki 18 o‘yinida atigi ikki marta to‘p kiritgan Lea Schuller uchun yangi mavsum hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.
Ammo bitta narsa o‘zgarmaydi: bu United jamoasi hali ham jiddiy kuchaytirishga muhtoj. Gap faqat City, Arsenal va Chelsea bilan tenglashish haqida emas. Pastdan kelayotgan, o‘ziga ishonchi ortib borayotgan klublar ham bozorni larzaga keltirmoqda.
Bu yozgi transfer oynasi klub uchun ulkan sinov. Tinch boshlanishi – muvaffaqiyat bo‘lmaydi, degani emas. Lekin o‘tgan mavsum ko‘rsatib qo‘ydi: United hali ayollar futbolining eng yuqori qatlamida doimiy da’vogar emas. Savol shunda: bu yoz nihoyat o‘sha darajaga sakrash uchun yetarlimi – yoki yana bir mavsumni “deyarli” so‘zi bilan yakunlaydigan jamoa bo‘lib qoladimi?






