Marinakis va Crystal Palace o‘rtasidagi banner mojaro: Sudga murojaat
Angliya futbolida maydon tashqarisidagi eng keskin to‘qnashuvlardan biri endi sud darajasiga chiqdi. Nottingham Forest egasi Evangelos Marinakis Crystal Palace klubiga tuhmat bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atdi. Sabab – o‘tgan mavsum Selhurst Park tribunalarida ochilgan, unda yunon milliarder Morgan Gibbs-White boshiga to‘pponcha tutib turgan holda tasvirlangan banner.
Bu tasvir oddiy muxlischa “performans” emasdi. U Marinakis uchun obro‘ va sha’n masalasiga aylandi.
Gibbs-White transferi fonidagi portlovchi tasvir
Banner o‘tgan yil avgust oyida, Morgan Gibbs-White’ning Tottenham’ga o‘tishi barbod bo‘lganidan ko‘p o‘tmay ochilgan edi. O‘sha yozda kutilgan transfer amalga oshmadi, natijada hujumkor yarim himoyachi City Ground’da qolib, Nottingham Forest bilan shartnomasini uzaytirdi.
Selhurst Parkdagi banner aynan shu voqealar fonida paydo bo‘ldi. Unda Marinakis qo‘lida qurol bilan tasvirlangan, Gibbs-White esa go‘yo nishonga olingandek ko‘rinardi. Bannerda yunon biznesmenining tijoriy faoliyatiga do‘ir qo‘pol, tasdiqlanmagan ishoralar ham bo‘lgan.
Marinakis bu tasvirni nafaqat haqorat, balki o‘zining global miqyosdagi obro‘siga zarba sifatida qabul qildi.
FA jarimasi yetarlimi?
Voqea bo‘yicha noyabr oyida FA tekshiruvi o‘tkazildi. Natijada Crystal Palace aybdor deb topildi va klub 50 ming funt sterling miqdorida jarimaga tortildi.
Bu esa Marinakis uchun yetarli bo‘lmadi.
Sky Sports News xabariga ko‘ra, u bu jarimani “yetarli jazo” emas, balki atigi intizomiy chora deb biladi. Uning fikricha, banner tufayli obro‘siga yetgan zarar ko‘lami butun dunyo miqyosida, jarima esa bu oqibatlarni qoplamaydi. Shuning uchun u janubiy London klubini qonun doirasida imkon qadar maksimal darajada javobgarlikka tortishga qat’iy bel bog‘lagan.
O‘tgan hafta Marinakis London’dagi Oliy sudga rasmiy da’vo arizasini topshirdi. Endi ish sport intizomi doirasidan chiqib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik sudiga ko‘chdi.
Klub mas’uliyati: tribunadagi banner uchun kim javob beradi?
Marinakisning pozitsiyasi aniq: u Crystal Palace bannerning ochilishiga yo‘l qo‘ygani, uni tezda olib tashlash uchun yetarli choralar ko‘rmagani, demak, voqeaga befarq qaragani deb hisoblaydi.
Endi u sud orqali klubning bu holatdagi aniq javobgarlik darajasini aniqlashga urinmoqda.
FA qoidalariga ko‘ra, klublar o‘z muxlislarining xatti-harakatlari uchun javob beradi. Tomoshabinlar “nojoiz, haqoratli, qo‘pol, haqorat qiluvchi va/yoki ig‘vogarlikka undovchi” xulq-atvordan tiyilishi kerak. Selhurst Parkdagi banner aynan shu chiziqlarning qayerdan o‘tishini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Tuhmat bo‘yicha ishlar uch asosiy yo‘nalishda ko‘riladi: yolg‘on bayonotlarni tarqatish, bunday bayonotlarni o‘z ichiga olgan tasvirni yaratish yoki shunday tasvirni omma ko‘z o‘ngida namoyish etishga yo‘l qo‘yish. Marinakisning da’vosi aynan shu uchinchi nuqtaga borib taqaladi.
Crystal Palace jim, Forest ham og‘iz ochmayapti
Sky Sports News ma’lumotiga ko‘ra, Crystal Palace klubidan izoh so‘ralgan, ammo hozircha javob yo‘q. Nottingham Forest esa davom etayotgan huquqiy jarayon sababli bu borada sharh berishdan bosh tortgan.
Demak, hozircha faqat sud gapiradi.
Bu ish nafaqat Marinakis va Crystal Palace uchun, balki butun Premier League klublari uchun sinov bo‘lishi mumkin. Tribunadagi banner, kreativ “tifo” va keskin satira qayerda tugaydi, shaxsiy sha’n va qadr-qimmatni himoya qiluvchi qonunlar qayerdan boshlanadi?
Yaqin oylar ichida bu savolga javobni sud zalida izlashga to‘g‘ri keladi.







