Rodri va Pedri: Ispaniya futbolidagi yangi qiyinchiliklar
Rodri porlab turibdi, Pedri esa savol ostida: La Roja Fransiyaga qarshi kimga ishonadi?
Ikki yil avval Germaniyada Yevropa chempionligini olgan Ispaniya uchun yangi jahon tojiga eltuvchi asosiy yo‘l – markazdagi Rodri–Pedri juftligi, deyilgandi. Shimoliy Amerikadagi bu mundialda Rodri yana Ballon d'Or darajasiga qaytdi. Pedri esa… uyda tugamaydigan bahslarning markazida.
Turnirning dastlabki o‘yinidayoq Las Palmasda ulg‘aygan yigit Cape Verde darvozasiga qarshi beshta golli vaziyat yaratdi – maydondagi istalgan futbolchidan ko‘proq. Ammo Ispaniya nol-nolga tiqilib qolgani, undan “o‘yin taqdirini o‘zgartiruvchi” bo‘lishni kutayotganlar ko‘pligi sabab, baribir tanqidlar yog‘ildi. Mezon baland, talab yanada balandroq.
Keyin Cape Verde natijalari ispanlarning golsiz startini biroz oqlagandek bo‘ldi. Ammo Pedri qancha ko‘p o‘ynagan sari, uning “yakuniy mahsuloti” – gol ham, assist ham yo‘qligi yanada ko‘proq ko‘zga tashlana boshladi.
Madrid–Barselona qarama-qarshiligi
Bu fon orqasida boshqa bir hikoya ham qizib ketdi. Real Madrid muxlislari Jude Bellingham bilan Pedrini taqqoslashdan zavq olyapti. Ularning yulduzi bu mundialda o‘yindan o‘yinga hal qiluvchi harakatlar qilmoqda, gol urmoqda, golga uzatma bermoqda. Barcelona markaziy rejissyori esa o‘yinlarga kutilgan darajada ta’sir o‘tkazmayapti.
Albatta, bu taqqoslash futbol nuqtai nazaridan juda soddalashtirilgan. Bellingham bilan Pedri pozitsiya, roldan tortib, butun o‘yin falsafasigacha boshqacha. Pedri yanada chuqurroqda, ko‘proq quruvchi. Lekin zamonaviy futbol shafqatsiz: natija – hammasidan muhim. Bellingham gollar uryapti, vaziyat yaratmoqda. Pedri esa hozircha yo‘q.
Shunday bo‘lsa-da, Luis de la Fuente qarori – Pedrini asosiy tarkibdan tushirib yuborishi – baribir ko‘pchilikni hayratga soldi. 2026 yilgi jahon chempionatida ketma-ket besh start, Qatargacha cho‘zilgan seriyani qo‘shganda esa to‘qqiz o‘yinlik asosiy tarkibdan so‘ng birdaniga zaxira. Lekin murabbiy buni oddiy tushuntirdi: bu Ispaniya – ayniqsa yarim himoyada – talantga limmo-lim.
Mikel Merinoning holati bunga eng yaqqol misol. Portugaliyaga qarshi kech qolgan g‘alaba to‘pini urdi, baribir keyingi bosqichda yana zaxirada qoldi. Shunga qaramay, Arsenal yulduzi labini tishlab o‘tirmadi. Belgiyaga qarshi ham xuddi shunday – yana kech gol, yana qahramon.
De la Fuente buni o‘zi tan oldi: “Mikelning o‘ynamayotgani adolatsiz, lekin kimnidir tushirmaslik ham adolatsiz bo‘ladi. Maydonga faqat 11 kishi chiqadi. Ular o‘z rolini har daqiqada tushunishadi. Shu bois ularga murabbiylik qilish – zavq”.
Pedri kayfiyati haqida esa biror salbiy ishora yo‘q. Belgiyaga qarshi o‘yindan keyin darvozabon Unai Simon shunday dedi: “U buni yaxshi qabul qildi. Hammamiz o‘ynashni xohlaymiz, lekin hamma uchun joy yo‘q. David (Raya) va Joan (Garcia) haqida o‘ylang – ular ham jahon darajasidagi posbonlar. Lekin barchamizning maqsadimiz – jahon chempionligini yutish. Qachonki o‘z rolingni qabul qilish kerak bo‘lsa, shunday qilasan”.
Fransiyaga qarshi Pedrining roli qanday bo‘ladi?
Mana shu savol hozir Ispaniyada eng ko‘p berilayotganlardan biri. Belgiyaga qarshi o‘yinda zaxiradan tushgan Pedri ko‘ngildagidek taassurot qoldirmadi. Oxirgi daqiqalardagi qarshi hujumda odatda soatdek aniq bo‘ladigan uzatmasi g‘alati xatoga aylanishi bunga misol.
Bu orada Fabian Ruiz esa Los-Anjelesdagi uchrashuvda Ispaniyaning birinchi golini urib, startdagi o‘rnini saqlab qolish uchun kuchli da’vo bildirdi. Unai Simon uni “ulkan iste’dod”, “ketma-ket ikki marta Chempionlar Ligasi yutgan futbolchi” sifatida ta’rifladi.
Pedri ham, albatta, o‘z kunida tomoshabin uchun bayram. To‘pni qaytarishdagi o‘qdek sakrashlari, pressing ostida ham milt etmaydigan aniqligi, nozik bir tegish bilan butun pressing chizig‘ini yorib o‘tishi – bularning barchasi uni noyob qiladi. Ammo bu mundialda hali uning eng yaxshi versiyasini ko‘rmadik. Balki De la Fuente bunga sababni aniq ko‘rayotgandir: murabbiy nazarida Pedrining ikkita qiyofasi bor – Ispaniya uchun Pedri va Barcelona uchun Pedri.
Murabbiy so‘zlari keskin: “Pedri – sinfi baland futbolchi, dunyodagi eng yaxshilaridan biri, balki eng yaxshisi. Lekin Fabian ham dunyodagi eng yaxshi futbolchilardan biri, balki eng yaxshisi”.
So‘ng muhim nuqtani ochib berdi: “Pedri bizda Barcelona dagidek o‘ynay olmaydi, chunki biz boshqacha o‘ynaymiz. O‘xshash tomonlar bor, lekin bir xil emas. Bizda boshqa futbolchilar bor. Rodri bor, demak uning yonidagi sherik ham boshqacha bo‘ladi. Menimcha, Pedri 6, 8 yoki 10-raqam pozitsiyasida o‘ynashi mumkin, lekin qarorlarimiz juda chuqur o‘ylangan, raqibga moslashtirilgan bo‘lishi kerak”.
Demak, Fransiyaga qarshi kim boshlaydi?
Nazariy jihatdan, Rodri bilan birga ikkala ijodkor – Fabian Ruiz va Pedri – ham birga start olishi mumkin. Cape Verde ga qarshi o‘yinda aynan shunday bo‘lgandi. Yarim himoya – Ispaniyaning Fransiyadan ustun bo‘lishi mumkin bo‘lgan kam sonli zonalaridan biri. Uch nafar texnik jihatdan mukammal futbolchi bilan Ispaniya to‘pni deyarli to‘liq nazorat qilishga urinishi mumkin. Bu esa Didier Deschampsning halokatli hujum chizig‘i xavfini kamaytirishning eng real, balki yagona yo‘li.
Biroq bu sxema deyarli avtomatik tarzda Dani Olmoni chetga suradi. U ple-off bosqichidan beri 10-raqam pozitsiyasida asosiy tarkibni “qulf”lab oldi, pressing, harakat, chiziqlar orasidagi o‘yin bo‘yicha juda katta ish qilyapti. Ha, hal qiluvchi gollar va assistlar soni hali ham kutilgan darajada emas, lekin uning o‘yinga bergan ritmini inkor qilib bo‘lmaydi.
De la Fuente Pedrini “maxsus iste’dod” deb ataydi va uni “raqib darvozasi yaqinida” ko‘rishni afzal ko‘rishini aytadi. U yerda Pedri o‘z fintlari, bir teginishli kombinatsiyalari bilan himoyani teshib o‘tishi mumkin. Murabbiy, shu bilan birga, Pedrining “hatto eng yaxshi formasida bo‘lmaganda ham jamoaga yaxshi ohang berishini” ta’kidlab keladi.
Shu bilan birga, Belgiyaga qarshi o‘yindan keyin aytilgan gaplar murabbiyning rejasini oshkor qildi: u yana bir bor Fabrianning og‘ir mehnatidan so‘ng Pedrini maydonga tashlashni ko‘zlayotgandek. “Pedri Fabian ishidan foyda ko‘rishi mumkin”, – dedi De la Fuente. “Bu – jamoaviy ish”.
Shu jamoaviylik, o‘zini qurbon qilishga tayyorlik – hozirgi Ispaniyaning eng katta quroli. Pedrining o‘yin vaqti atrofidagi bahslar g‘alati tuyulishi mumkin, lekin murabbiy uchun bu hashamat: u ixtiyorida shunchaki ajoyib futbolchilar guruhi bor.
De la Fuente Fransiya haqida gapirar ekan, shunday dedi: “Ular allaqachon o‘zlarining g‘ayrioddiy, favqulodda salohiyatini ko‘rsatishdi. Lekin biz ham shundaymiz. O‘yin ochiq bo‘ladi, u yangi, energiyaga to‘la futbolchilarni talab qiladi. Biz o‘zimizning eng yaxshi ko‘rinishimizda bo‘lishimiz kerak”.
Savol esa ochiq qolmoqda: shu “eng yaxshi ko‘rinish” tarkibida qaysi Pedri bo‘ladi – Ispaniya versiyasimi yoki Barcelona dagi erkin, ijodkor Pedrimi? Va eng muhimi, bu tanlov Ispaniyani yana bir bor futbol olamining cho‘qqisiga olib chiqa oladimi?






