sport pulse

Yozgi transfer oynasi: London klublari va Manchester Unitedning harakatlari

Dunyo bo‘ylab e’tibor hali ham Jahon chempionatiga qadalgan bo‘lsa-da, Yevropaning yirik klublari uchun haqiqiy jang transfer bozorida kechmoqda. Ayniqsa, Angliya grandlari orasida.

Tottenham: ketma-ket rekordlar va agressiv inqilob

Tottenham bir necha kun ichida bozorni larzaga keltirdi. Klub avval Sandro Tonali uchun 100 million funtlik ulkan bitimga kelishgan bo‘lsa, endi esa West Ham’dan 21 yoshli Mateus Fernandesni 85 million funt evaziga olib kelgani rasman e’lon qilindi. Bu — klub tarixidagi yangi rekord.

Fernandes bilan olti yillik shartnoma tuzildi. U o‘zining ilk so‘zlarida aynan bosh murabbiy omilini alohida ajratib ko‘rsatdi va “Spurs”ning maydonga kurash va energiya bilan chiqadigan jamoa konsepsiyasi o‘z falsafasiga mos kelishini ta’kidladi.

Roberto De Zerbi esa yangi yulduzini ancha vaqtdan beri kuzatganini ochiq aytdi. Uning ta’rifiga ko‘ra, Fernandes to‘p bilan sifati, bosim ostida o‘ynash qobiliyati va o‘yin ritmini tezlashtirishdagi jasorati bilan ajralib turadi. Yosh bo‘lishiga qaramay, Premyer-ligadagi tajribasi ham murabbiy uchun muhim omil bo‘ldi.

Tottenham bu bilan to‘xtamoqchi emas. Klub Bournemouth hujumchisi Eli Junior Kroupi uchun 80 million funtdan ortiq taklif tayyorlamoqda. Arsenal va Paris Saint-Germain ham bu futbolchiga ko‘z tikkan, ammo “Spurs” premer-liga boshlanishidan oldin barcha asosiy transferlarini yopib qo‘yishni istayapti. Shuningdek, AC Milan hujumchisi Rafael Leao va Manchester City vakili Savinho ham kuzatuv ostida.

Shu tariqa, Londonning oq-qora qismi yozgi oynaning eng agressiv va qat’iyatli o‘yinchisiga aylanib bormoqda. Savol bitta: bu jasur sarmoyalar maydonda qanday natija beradi?

Arsenal: Barcola va Guimaraes atrofida katta rejalar

Arsenal chempionlikdan keyingi yozni sokin o‘tkazmoqchi emas. Klubning asosiy maqsadlaridan biri — chap qanotga yangi kuch olib kelish. Gunners ayni damda Bradley Barcola bo‘yicha jiddiy ish olib bormoqda.

Paris Saint-Germain dastlab fransiyalik vingerni sotishga tayyor emasligini bildirgan, ammo vaziyat sekin-asta o‘zgarayapti. Barcola ko‘proq o‘yin amaliyoti istayapti, yangi shartnomaga qo‘l qo‘yishga shoshilmayapti. Shundan so‘ng Parij klubi “to‘g‘ri narx” bo‘lsa, muzokaraga tayyor ekani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Gap 116 million funtdan yuqori raqamlar atrofida ketayotgani aytilmoqda.

Arsenal skautlari Barcola’ni Fransiyaning Shvetsiyaga qarshi 3:0 hisobidagi g‘alabasida diqqat bilan kuzatdi. O‘sha uchrashuvda u Les Bleus tarkibida ikkinchi gol muallifi bo‘ldi. BBC Sport ma’lumotiga ko‘ra, London klubi transfer amalga oshishiga doir ijobiy signallarni allaqachon olgan.

Bundan tashqari, Arsenal Newcastle sardori Bruno Guimaraes bo‘yicha ham harakatni boshlab yuborgan. Klub braziliyalik yarim himoyachining vakillari bilan dastlabki muloqotlarni o‘tkazdi, vaziyatni o‘rgandi va taxminan 55 million funtlik norasmiy taklif yubordi. Newcastle bu yondashuvni rad etdi, ammo The Chronicle xabariga ko‘ra, futbolchining o‘zi bu qiziqishdan keyin jiddiy o‘ylab qolgan. “Boshini aylantirdi” degan ibora Tyneside atrofida tobora ko‘proq eshitilmoqda.

Arsenal uchun bu yoz faqat tarkibni chuqurlashtirish emas, balki raqiblarining yuragini larzaga keltiradigan darajadagi transferlar bilan kuchayish davriga aylanishi mumkin.

Trossard kelajagi savol ostida

Arsenal ichkarida ham og‘ir qarorlar oldida turibdi. Leandro Trossard bo‘yicha kelajak hali aniq emas. Turkiyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Besiktas belgiyalik futbolchi uchun 17 million funtlik taklifini yuborgan va bu taklif Gunners tomonidan qabul qilingan.

Endi so‘z Trossardda. U 2023 yilda Brighton’dan 20,6 million funt evaziga kelgan, barcha musobaqalarda 174 o‘yinda 36 gol urib, 34 golli uzatma bergan. Hozirda Belgiya terma jamoasi bilan Jahon chempionatida ishtirok etyapti, uch uchrashuvda ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Bugun esa u va jamoasi Senegalga qarshi 1/16 finalda maydonga tushadi.

Uning qarori nafaqat Arsenal tarkibiga, balki London klubining keyingi transfer qadamlariga ham bevosita ta’sir qiladi.

Manchester United: yo‘qotilgan nishonlar va yangi ro‘yxat

Manchester United yozgi bozorni xohlagancha boshlay olmadi. Klub Mateus Fernandes va Sandro Tonali uchun kurashda Tottenhamdan yutqazdi. Endi esa INEOS va Michael Carrick boshchiligidagi sport blok yangi yo‘nalish belgilamoqda.

Qizil iblislar yarim himoyani kuchaytirish uchun besh nomzoddan iborat ro‘yxat tuzgan. Bournemouth markaziy yarim himoyachisi Alex Scott bu ro‘yxatda eng yuqori o‘rinda turibdi. Ben Jacobs ma’lumotiga ko‘ra, United uni “asosiy nishon” sifatida ko‘rmoqda, ammo Bournemouth futbolchini sotishga mutlaqo tayyor emas va aksincha, 2028 yilgacha mo‘ljallangan shartnomani uzaytirishni ko‘zlamoqda. Scott uchun ichki baho — 80 million funt atrofida.

Ro‘yxatda shuningdek Borussia Dortmund futbolchisi Felix Nmecha, Real Madrid yulduzi Aurelien Tchouameni, Brighton vakili Carlos Baleba va Fulham yarim himoyachisi Sander Berge bor. Tonali hali ham yuqori baholanadi, ammo u Tottenham bilan muzokaralarda yakuniy bosqichga yaqin.

Manchester United uchun bu yozgi oyna nafaqat tarkibni yangilash, balki yo‘qotilgan nishonlar fonida obro‘ni tiklash sinoviga aylanmoqda.

Barcelona va Saliba: rekord talab qiladigan operatsiya

Ispaniyadan ham kutilmagan xabar: Barcelona Arsenal markaziy himoyachisi William Saliba’ni asosiy transfer maqsadlaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Ekrem Konur ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar fransiyalik himoyachi uchun harakat qilishga tayyor, ammo bu bitimni amalga oshirish nihoyatda murakkab bo‘ladi.

Arsenal Saliba’ni sotish masalasini faqat rekord darajadagi taklif bo‘lgandagina ko‘rib chiqishi mumkin. Gap taxminan 130 million funt atrofidagi raqam haqida ketmoqda. Bu esa himoyachilar uchun dunyo bo‘yicha yangi mezon bo‘lishi ehtimoli katta.

London klubi bunday asosiy tayanch futbolchini qo‘yib yuboradimi yoki Barcelona bu borada faqat bosim kuchaytirish bilan cheklanib qoladimi — yozning eng qizg‘in savollaridan biri.

Nottingham Forest: Glasner uchun kutilmagan eshik

Nottingham Forestda esa murabbiylar o‘rindig‘ida keskin burilish yuz berdi. Vitor Pereira klubni Premyer-ligada saqlab qoldi, hatto jamoani Yevropa Ligasida yarim finalgacha olib chiqdi. Shunga qaramay, iyun oyidagi shartnoma bandi hammasini o‘zgartirdi.

Pereira bayonotida o‘zining “butunlay kutilmaganda va hech qanday ogohlantirishsiz” ishdan bo‘shatilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub rahbariyati shartnomadagi uzaytirmaslik bandi muddati tugashiga atigi ikki daqiqa qolganda boshqa yo‘nalishni tanlaganini bildirgan.

Forest endi Crystal Palace’dan ketgan Oliver Glasnerni tayinlash arafasida. Bu qaror Nottingham uchun ham, Premyer-liga manzarasi uchun ham yangi sahifa ochishi mumkin. Glasnerning intensiv pressing va tizimli o‘yiniga mos tarkibni qurish esa alohida sarguzasht bo‘ladi.

Juventusning yangi nishoni: Brobbey

Italiyada Juventus hujum chizig‘ini qayta qurish ustida ishlayapti. Randal Kolo Muani asosiy maqsad bo‘lib qolmoqda, ammo Paris Saint-Germain uni keraksiz futbolchilar ro‘yxatiga kiritgani va o‘tgan mavsum Tottenhamdagi ijarasi muvaffaqiyatsiz chiqqaniga qaramay, bitim kutilganidan murakkabroq ketmoqda.

Shu fon’da Sunderland hujumchisi Brian Brobbey Turin klubi radariga tushdi. Tuttomercato xabariga ko‘ra, 24 yoshli futbolchi Niderlandiya bilan Jahon chempionatida ko‘rsatgan o‘yini orqali Juventus skautlarining e’tiborini tortgan. Kolo Muani bo‘yicha muzokaralar cho‘zilsa, Brobbey real variantga aylanishi mumkin.

Bozor qaynayapti. Kim oxirida yutadi?

Yozgi oyna hali endigina qiziyapti. Tottenham allaqachon ikki marta rekord yangiladi, Arsenal bozorning eng yirik nomlari atrofida aylanib turibdi, Manchester United esa yo‘qotilgan maqsadlar o‘rnini to‘ldirish uchun yangi yo‘l izlamoqda.

Savol shunda: sentabr kelganda, bu jasur va qimmat qarorlar kimni chempionlikka yaqinlashtiradi, kimni esa yana bir yil “qurilish davri”da qoldiradi?